Mavzu: Ma’naviyat – beqiyos kuch
Reja:
Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch
Ma’naviyat – beqiyos kuch
Inson ma’naviyati va o’zlikni anglash
Oila ma’naviyati
Ma’naviy barkamollik
Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch
Bugun mamlakatimizda millatlararo tinchlik, totuvlik, hamjihatlik barqaror. Darhaqiqat, O’zbekiston davlati uning hududida yashovchi barcha xalq, millat va elatlarning manfaatlarini birdek himoya qiladi, birdek qo’llab-quvvatlaydi.
Ma’naviy yuksalish, millik o’zlikni anglash tarixiy ong va tarixiy xotirasiz rivojlanmaydi, mukammal shakllana olmaydi.
“Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asarida, “... hozirgi kunda ma’naviyatimizni asrash uchun nima qilish lozim va unga tahdid soladigan xurujlarga nimani qarshi qo’yish kerak, deb so’rasa, men avvalambor shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o’zligini anglash, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug’ ajdodlarimizning merosini chuqurroq o’zlashtirini, bugungi tez o’zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlash va diyorimizdagi barcha o’zgarishlarga daxldorlik tuyg’usi bilan yashashi zarur”, deya ta’kidlanadi.
Mana nima uchun yurtimizda Xotira va qadrlash kuni nishonlanadi, buyuk ajdodlarimiz ruhi poklariga nisbatan yuksak ehtirom ko’rsatiladi. Shu ma’noda yurtimizda yangi o’quv yilining birinchi kuni, ya’ni 2-sentabr sanasi – Mustaqil O’zbekiston davlatchiligining asoschisi Islom Karimovning yorqin xotirasiga bag’ishlanishi ham bejiz emas.
Maqsadli yashab o’tilgan hayot mazmunli va barakali bo’ladi. Xuddi shu singari, o’z oldiga buyuk maqsadlar qo’yib yashayotgan davlat ham tarix zarvaraqlarida o’chmas iz qoldiradi. Bugun O’zbekistonimiz taraqqiyotini yanada yuksaltirish yo’lida qabul qilingan Harakatlar Strategiyasining asosiy maqsadi ham xalq manfaatlarini ta’minlashga, tinch va farovon turmush kechirish uchun zarur bo’lgan omillarni yaratishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
O’zbek xalqidagi bir-biriga bo’lgan mehr-oqibat, mamimiylik, kattalarga hurmat, ayniqsa, ota-onani qadrlash va ularni keksayganda g’amxo’rlik qilish ko’pgina dunyo xalqlari uchun ibrat sanaladi. Bizning bu qadriyatlarimiz aynan oilada shakllanib, so’ng jamiyatning ma’naviy rivojiga hissa bo’lib qo’shiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ma’naviy yuksalishning samarasini yangi bosqichga ko’tarish xususida to’xtalarkan, “... biz uchun muqaddas bo’lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o’zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to’ldirishdan iborat bo’lmog’i zarur”, deya uqtiradi.
Ma’naviyat – beqiyos kuch
Ma’naviyat inson ongiga ta’sir ko’rsatadigan, uning dunyoqarashi, tafakkur tarzini muayyan yo’nalishga soladigan yengilmas kuch.
Ma’naviyat asosini jamiyat, millatga xos ma’naviy, madaniy va moddiy asoslar, an’analar, qadriyatlar, turmush tarzi, g’oyalar va qarashlarni ununlashtiruvchi tushunchalar tashkil etadi.
Inson ma’naviyatining shakllanishida tarixiy xotira alohida ahamiyatga ega. Ertalab uyqudan uyg’ongan inson tasodifan o’zining kim ekanligini, ismi, sharifini unitib qo’ysa, atrofidagi yaqin insonlarini tanimay qolsa, bu holat o’sha inson, uning oilasi uchun katta fojia.
Agar millat o’zining kim ekanligini unutsa, bu o’sha millat uchun ulkan halokatdir.
Dunyodagi zo’ravon va tajavuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamalakatni o’ziga tobe qilib, bo’ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo’lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni eng buyuk boyligi bo’lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi. O’zligini yo’qotgan millat esa, hamisha qulikka mahkumdir.
Inson ma’naviyati va o’zlikni anglash
Insoniyat bu yorug’ olamda, asosan, besh narsaga, ya’ni “biz kimmiz”, “qayerdan keldik”, “ne yumush bilan mashg’ul bo’ldik”, “nima topdik”, “qayerga ketamiz” kabi hayotiy savollarga turlicha javob topish harakat qiladi. Inson o’zligini anglangan sari bu savollarning javobini topib boraveradi.
O’zlikni anglash, bu urf-odat, an’ana va qadryatlar orqali yon atrofidagilar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga bo’lgan munosabatini tushunish, anglash demakdir.
O’zlikni anglash uch darajada bo’ladi:
Birinchisi, oilada va uning muhitida individning shaxs darajasi sari shakllanib borishi;
Ikkinchisi, maktab va ma’lum bir jamoalarda o’qishi hamda faoliyat yuritishi orqali boshqalar bilan munosabatda bo’lishi;
Uchinchisi, o’zgalar tomonidan shaxsning baholanishi, nazorat qilinishi va boshqalar tomonidan qadrlanishida kuzatiladi.
Shu bilan birga o’zlikni anglash milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog’liqlik til orqali namoyon bo’ladi.
Insonning insoniyligini belgilovchi muhim xususiyatlardan biri madaniy – ma’naviy sifatlarga ega bo’lishdir.
Oila ma’naviyati
Oila – Vatan timsoli. Negaki, oila va vatan tushunchalari bir-biriga chambarchas bog’liq. Vatan tuyg’usi oiladan, ona bag’ridan boshlanadi. Oila esa jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy boyligi hisoblanadi.
Oiladagi muhit insonning o’ziga xos ma’naviyati, dunyoqarashi, tasavvur va e’tiqodining shakllanishida, yuksalishida muhim omil. Inson qalbi va ongidagi eng sof, pokiza tuyg’ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari, aynan oila bag’rida shakllanadi.
Xalqimizda kishining qanday ekanligi, uning o’zini tutishi, tarbiyasi, fe’l-atvori oilasiga bo’lgan munosabat bilan baholanadi. Bu esa uning jamiyatda o’z o’rnini topishida muhimdir.
Ma’naviy barkamollik
Yosh avlodni jismoniy baquvvat, ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashda ma’naviyatning ta’siri benihoya kattadir. Zero, barkamol avlod tarbiyasida, yoshlarimizning o’zligini anglashga, davlat va jamiyat, xalq va oila uchun munosib farzand bo’lishlarida ma’naviyat beqiyos kuch sifatida o’z ta’sirini o’tkazadi.
Ma’naviy ta’sir deganda aynan ma’naviyatga xos bo’lgan sifatlarning insonga bevosita ta’siri tushuniladi. U o’z ichiga axloq-odob, huquq, nafosat, mehr-muhabbat, muomala madaniyati, mas’uliyat, daxldorlik, olijanoblik kabi fazilatlarni qamrab oladi.
Ma’naviy ta’sir tushunchasini ikki xil ifoda etish mumkin: birinchidan, har qanday insonning kamoloti ma’naviy ta’sirning mahsulidir; ikkinchidan, insonning o’zi ham boshqalar uchun ma’naviy ta’sir manbaidir. Chunki har bir inson ajdodlardan qolgan ma’naviy-moddiy meros, ezgu fazilatlardan ta’sirlangan holda o’zida pok niyat, sof intilishlarni mujassam etib boradi.